Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mehnat yarmarkasi

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining tashabbusi bilan 2019 yil 29-mart kuni TATU Samarqand filialida “Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tizimidagi soha korxonalari, mobil aloqa operatorlari, internet provayderlar va davlat boshqaruv organlari 100 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.

Yarmarkada TATU Samarqand filialining 2018-2019 o‘quv yili  bitiruvchilari hamda sohadagi kasb hunar kollejlarining bitiruvchi talabalari ishtirok etib, o‘zlari qiziqqan sohada ishga joylashish uchun yo‘llanma hamda maslahatlar olishdi.

Shuningdek, TATU Samarqand filiali “Kompyuter injiniringi”, “AKT sohasida kasb-ta’limi”, “Telekommunikatsiya texnologiyalari” va “Dasturiy injiniringi” ta’lim yo‘nalishlarining  7 nafar bitiruvchilari bilan shu kunning o‘zida ishga joylashish uchun uch tomonlama shartnomalar tuzildi, 132 nafar bitiruvchilar suhbat asosida ishga joylashish uchun yo‘llanmalar olishdi.